Institut direktorlari
Institut direktorlari
Sodiqov Obid Sodiqovich (1973-1987)
Kimyo fanlari doktori, professor, akademik
Sodiqov Obid Sodiqovich – kimyogar-organik, fan va ta’lim tashkilotchisi, davlat, fan va jamiyat arbobi, Sovet Ittifoqi FA (1972 y.) va O‘zbekiston FA (1947 y.) akademigi, O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1960 y.), Beruniy nomli O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1979 y.), Sotsialistik Mehnat Qaxramoni, 2002 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» Ordeni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).
Tabiiy birikmalar kimyosi kafedrasi mudiri (1946-1974), O‘zSSR Kimyo instituti direktori (1946-1950), Toshkent Davlat Universiteti rektori (1958-1966), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti (1966-1984) lavozimlarida ishlagan.
Akademik Obid Sodikovich Sodikov O‘zbekiston Respublikasida kimyo fanining tashkilotchilaridan biri. Uning nomi Markaziy Osiyo yovvoyi florasi tabiiy birikmalarini o‘rganish amaliyoti bilan bog‘liq.
O.S.Sodikov O‘zbekistonda kimyo fanining yangi yo‘nalishi – bioorganik kimyoga zamonaviy nazariy va fizik-kimyoviy usullar – spektroskopiya, kvant kimyosi, nozik organik sintez, konformatsion taxlil, kimyoviy tuzilish va xususiyatlarni matematik modellash asosida yangi yondashuv hamda qarashlarni tadbiq etish tashabbuskori bo‘lgan.
Kimyo fanida yangi yo‘nalishni yaratgan iqtidorli ustoz va tashkilotchi olim, mamlakat va xorijda taniqli bo‘lgan tadqiqotchilar maktabini yaratgan.
500 dan ortiq ilmiy nashrlar, shu jumlasidan, 7 ta monografiya muallifi.
10 ta fan doktori va 80 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlagan.
Abduvaxabov Abduvali Abdusamatovich (1987-1993)
Kimyo fanlari doktori, professor, akademik
Kimyo fanlari doktori (1980), professor (1981), akademik (1995) Abduvali Abdusamatovich Abduvaxobov – organik, bioorganik va elementorganik kimyo soxasida yirik olim, 1941 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U 1965 yilda Toshkent Davlat Universiteti Kimyo fakultetini tugatgan, kimyo fanlari doktori (1980), professor (1981), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi muxbir-a’zosi (1989), akademigi (1995), “Rossiya ixtirochisi” belgisi va Rossiya xalq ho‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi kumush medali sovrindori (1983, 1986), «Mexnat faxriysi» (1988), “Mustaqillik” (1992) medallari bilan taqdirlangan
U 1973 yildan O‘zR FA Bioorganik kimyo Bo‘limida Fosfororganik kimyo, 1977 yildan akademik O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo institutining Fiziologik faol moddalar nozik organik sintezi laboratoriyasi mudiri, O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti direktori (1987-1993), O‘zR FA Hay’ati a’zosi (1992-2000), Kimyo bo‘limi akademik-kotibi (1987-1992) hamda Vitse-Prezidenti (1995-1997)
Akademik A.A.Abduvaxobov O‘zbekistonda (fosfor)organik birikmalar sintezi (7000 dan ortiq), tuzilishi, stereoximiyasi, ularning issiqqonlilar hamda hasharotlar xolinergik sistemalari bilan o‘zaro ta’sirlashuvi mexanizmini o‘rganish soxasida maktab yaratgan.
Akademik A.A.Abduvahobov rahbarligida Markaziy Osiyoda ilk bor zararkunanda hasharotlar feromonini ajratib olish, tuzilishini aniqlash, sintez qilish, preparativ shaklini yaratish va dala sharoitida qo‘llash borasida tadqiqotlar olib borilgan. Hozirda g‘o‘za va kuzgi tunlam feromonlari Respublika dalalarida g‘o‘zani zararkunandalar ta’siridan saqlashda keng miqyosda qo‘llanilmoqda.
A.A.Abduvahobovning ilmiy faoliyati dunyoning eng tanilgan olimlari qatorida AQShda chop etilgan “Fan va texnikada kim aslida kim” (1996) biografik to‘nlamida qayd etilgan.
300 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan, 5 ta monografiya, 100 ga yaqin mualliflik guvohnomalari va patentlari olingan.
7 nafar fan doktori va 27 nafar fan nomzodi tayyorlagan.
Salixov Shavkat Ismailovich (1993-2006)
Biologiya fanlari doktori, professor, akademik
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, bioorganik kimyo soxasida sovet va o‘zbek olimi Shavkat Ismailovich Salixov 1944 yil 12 dekabrda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tugatgan (1967), biologiya fanlari doktori (1984), professor (1989), O‘zbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1998), Xitoy Fanlar Akademiyasining chet ellik akademigi (2017), «El-yurt Xurmati» (2008), «Mexnat shuxrati» (2014) ordenlari, “Fan va texnologiya soxasida xalqaro xamkorlik” Mukofoti (XXR) (2017) bilan taqdirlangan
O‘zR FA Bioorganik kimyo institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1981), direktor (1993-2006), O‘zbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasi prezidenti (2006-2017). O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatori (2006-2017). Bugungi kunda O‘zR FA Bioorganik kimyo instituti direktori (2017).
U Respublikamizda oqsillar kimyosi maktabi asoschilaridan biri bo‘lib, bioorganik kimyo va biotexnologiya soxasidagi ishlari bilan ilm-fan dunyosida keng tanilgan olim. Uning jonivorlar zaxarlaridan ajratilgan oqsil va peptid tabiatli moddalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy ishlari keng ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan.
Sh.I.Salixov rahbarligida gossipol olishning yangi texnologiyasi yaratilgan va tadbiq etilgan. Bir qator yangi dori vositalari: xlamidiyaga qarshi – Gozalidon, qon to‘xtatuvchi – Logoden, qon o‘rnini bosuvchi – Salgivin, immunomodulyator – Timoptin, yallig‘lanishga qarshi – Apikapsalvin, kamqonlikda qo‘llaniladigan – Eritim, virusli gepatitning V,S,D turlariga qarshi – Ragosin va grippga qarshi - Rutan tibbiyot amaliyotiga tadbiq etilgan.
350 dan ortiq ilmiy nashrlar, shu jumladan, 2 ta monografiya, 56 ixtiro va 40 dan ortiq patentlar muallifi, 8 ta fan doktori va 26 ta fan nomzodlarini tayyorlagan.
Turayev Abbasxan Sabirxanovich (2006 – 2016)
Kimyo fanlari doktori, professor, akademik
To‘rayev Abbasxon Sabirxanovich – kimyo fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator (2003 y.), «Fidokorona xizmatlari uchun» (2012 y) ordeni nishondori.
Paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiyasi ilmiy tekshirish instituti laboratoriya mudiri (1984 - 1993), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti laboratoriya mudiri (1993 - 1996), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (1996 - 2006), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori (2012 - 2017) lavozimlarida ishlagan.
A.S.To‘rayev rahbarligida sellyuloza, pektin, galaktamannanlar, amiloza va akril qatori gidrofil sopolimerlarining maqsadli kimyoviy modifikatsiyasi bo‘yicha keng qamrovli ilmiy-tadqiqotlar olib borilgan. Bu tadqiqotlarning natijasida tibbiy amaliyotiga yigirmadan ziyod yangi original dori preparatlari (Safinol, Sulfogel antikoagulyantlari, Savinal-qon o‘rnini bosuvchi, Nitrotsel antianginali, Biomayrin-silga qarshi, Polijel UTT geli, Timogel, Baktotsel yara bitkazuvchi, Fludigel - dermatitga qarshi) va jarrohlik so‘riluvchi (Katselon) va so‘rilmaydigan (Biolon Ra,Re,Rs) iplar, so‘riluvchi gemostatik materiallar (Gemotsel, Gemogubka, Bioplant) va qon bilan ta’sirlashuvchi (Embollovchi polimer material, Geletsel va Xlorotsel yiringli jarohatlarni davolovchi) vositalari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. Mazkur preparatlardan 5 tasi O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika korxonalari tomonidan litsenzion shartnomalar asosida ishlab chiqarilmoqda.
300 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan, 21 ta mualliflik guvohnomalari, 30 ta O‘zR ixtiro patentlari olingan.
3 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlagan.


